23 Iyun 2021 2197

O‘zbekiston boks federatsiyasida «Olimpiya kuni»ga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

23 iyun kuni Xalqaro Olimpiya kuni sifatida nishonlanadi. Xabar berganimizdek, ushbu bayram joriy yil mamlakatimizda Olimpiya haftaligi sifatida keng nishonlanmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston boks federatsiyasida o‘tkazildi. «Umid va ishonch» shiori ostida tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari, Chilonzor tuman prokurori, Ichki ishlar bo‘limi vakillari, Toshkent shahar hokimiyati mutasaddilari, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Fazliddin G‘oibnazarov, yosh bokschilar hamda IIV ro‘yxatida turuvchi uyushmagan yoshlar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yoshlarni sportga qiziqtirishda, sog‘lom turmush tarziga chorlashda bunday tadbirlarning ahamiyati yuqori ekanligi haqida gapirishdi. Unda yosh bokschilar ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar, boks uchrashuvlari tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.

Tadbir yuzasidan O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev shunday dedi:

«Olimpiya kuni»ga bag‘ishlab O‘zbekiston boks federatsiyasi va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ushbu tadbirni tashkil etdik. Unga yoshlarni taklif qilib, ularni sportga, hususan boksga qiziqtirish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash asosiy maqsadlarimizdan biridir. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan sportga, hususan boksga eʼtibor yuqori. Aprel oyida PQ-5099 sonli qaror kuchga kirdi va biz bundan juda xursandmiz. Ushbu qaror bizga faoliyat olib borishimiz uchun qo‘llanma, kerakli xujjat bo‘ladi. Mana shunday tadbirlar orqali biz boksimizning bugungi holati, yutuqlarni yoshlarga tanishtirmoqdamiz va ularda boksga qiziqish uyg‘otmoqdamiz», – dedi Murodjon Mamadaliyev.

Tadbir yakunida boksga oid qiziqarli savol-javoblar o‘tkazilib, yig‘ilganlarga o‘zbek boksi tarixi, federatsiya rejalari xususida maʼlumotlar berildi.

Text to speech