23 Iyun 2021 2212

Yangi sahifa bitishda davom etamiz: Dzyudochilarimiz Olimpiadada ilk bor 11 ta medallar jamlanmasi uchun kurashishadi

Xalqaro dzyudo federatsiyasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari uchun yakuniy reyting jadvalini eʼlon qildi. Quvonarlisi, reyting yakuniga ko‘ra terma jamoamiz bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida 10 vazn toifasi va ilk bor aralash jamoaviy yo‘nalishda medallar uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shak-shubhasiz, bu o‘zbek dzyudosi tarixida yana bir yangi sahifa. Shu paytgacha dzyudo jamoamiz Pekin-2008 (6 erkak va 2 ayol) va Rio-2016 (7 erkak va 1 ayol) Olimpiya o‘yinlarida 8 nafardan dzyudochi bilan ishtirok etgan edi. Tokioda esa 7 nafar erkak, 3 ayol va 1 aralash jamoaviy yo‘nalishda kurashamiz. Shu tariqa, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi rahbariyati tomonidan yo‘lga qo‘yilgan yangicha tizim, murabbiylar shtabining olib borayotgan samarali faoliyati bilan birinchi bor Olimpiya o‘yinlarida 3 nafar dzyudochi qizlarimiz bilan, shuningdek, aralash jamoaviy yo‘nalishda ishtirok etadigan bo‘ldik. Taʼkidlash joiz, ushbu yo‘nalishda dunyoning eng kuchli 12 jamoasigina Olimpiadaga yo‘llanma olgan xolos. Bir necha kun muqaddam jahon chempionatining aralash jamoaviy yo‘nalishida ilk bor shohsupaga ko‘tarilganimizni inobatga olsak, Olimpiya o‘yinlarida ham dzyudochilarimiz medallar uchun asosiy daʼvogarlardan bo‘lishadi. Reyting yakuniga ko‘ra, quyidagi vakillarimiz Tokio-2020 Olimpiadasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi:

Erkaklar:
-60 kg: Sharofiddin Lutfillayev (8, reytingdagi o‘rni) yoki Diyorbek O‘rozboyev (27)
-66 kg: Sardor Nurillayev (10)
-73 kg: Hikmatilloh To‘rayev (10)
-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev (7)
-90 kg: Davlat Bobonov (5)
-100 kg: Muhammadkarim Xurramov (14)
+100 kg: Bekmurod Oltiboyev (21)

Ayollar:
-52 kg: Diyora Keldiyorova (12)
-63 kg: Farangiz Hojiyeva (64, qitʼaviy kvota)
-70 kg: Gulnoza Matniyazova (23)

Izoh: -60 kg vazn toifasida ikki nafar vakilimiz litsenzion hududda reytingni yakunlashdi. Yakunda qaysi sportchi ishtirok etishi federatsiya va murabbiylar shtabining qaroridan so‘ng aniq bo‘ladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi dzyudo oilasini navbatdagi tarixiy natija bilan tabriklab, jamoamizga Olimpiya o‘yinlarida ham muvaffaqiyat tilaydi.

Text to speech