1 Avgust 2024 1164

Diyora Keldiyorovaning kimоnosi XOQ muzeyidan joy oldi

Parij-2024 yozgi Olimpiya o’yinlari chempioni, dzyudochimiz Diyora Keldiyorova musobaqada kurashgan kimonosini Xalqaro Olimpiya qo’mitasining muzeyiga sovg’a qildi. O’yinlarning Asosiy matbuot markazida ushbu tadbirga bag’ishlangan anjuman o’tkazildi.

Unda O’zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, Xalqaro Olimpiya qo’mitasi (XOQ) va Xalqaro dzyudo federatsiyasi mutasaddilari qatnashishdi.

Keldiyorova yozgi Olimpiya o’yinlarida oltin medalga sazovor bo’lgan ilk o’zbek ayol sportchisiga aylandi. Rasmiylar mazkur natija ortida davlatimiz va Prezidentimizning sohaga qaratayotgan ulkan e’tibori turgani, xotin-qizlar sportining rivoji yangi bosqichga chiqayotgani xususida to’xtalishdi. O’z navbatida, Diyora ham tarixiy chempionlikka erishganidan mamnunligi, kimonisi XOQ muzeyidan joy olayotgani u uchun sharaf ekanini qo’shimcha qildi.

Tadbir yakunida tashkilotchilar ham Keldiyorovaga o’ziga xos sovg’a tayyorlashdi. Diyoraning dzyudo olamidagi kumiri, ikki karra Olimpiada chempioni, fransiyalik Klariss Agbenenu hamyurtimizni tarixiy g’alaba bilan qutlab, unga o’zining iliq tilaklarini yo’lladi.

Text to speech