22 Iyun 2021 2427

Ular Tokioga borishadi: Radzivilning munosib izdoshi Safina Sadullayeva

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi o‘z litsenziatlarini xalqimizga yaqindan tanishtirishda davom etadi. Bugun sizlarga mahoratli yengil atletikachilarimiz Safina Sadullayeva haqida hikoya qilamiz.

Safina Erkinovna Sadullayeva 1998-yil 4-mart kuni Sirdaryo viloyatida sportchilar oilasida tug‘ilgan. Otasi basketbol, onasi yengil atletika, akasi katta tennis bilan shug‘ullangan. Balandlikka sakrash yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi. Birinchi murabbiyi Ruzaliya Zyangurova. Hozirda Alim Ahmedjanov qo‘l ostida Olimpiya o‘yinlariga tayyorlanmoqda.

Sportchimizning xalqaro maydondagi dastlabki yirik muvaffaqiyati 2015-yilga to‘g‘ri keladi. Doxa shahrida o‘tgan U18 Osiyo chempionatida sportchimiz oltin medal sohibi bo‘lib, ilk yirik g‘alabasiga erishdi.

2017-yil Qozog‘istondagi xalqaro xotira turnirida 1.85 metr natija bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa, shu yili Turkmanistonda o‘tgan Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida 1.83 metrga sakrab, hamyurtimiz Nadiya Dusanovadan keyin ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2019-yil Qozog‘istonda o‘tgan yana bir xalqaro musobaqada 1.92 metr balandlikni zabt etib, Xalqaro toifadagi sport ustasi talabini bajardi.

Joriy yilning may oyida poytaxtimizda o‘tgan O‘zbekiston ochiq chempionatida 1.96 metr balandlikka sakrab, Tokio-2020 normativini bajarishga muvaffaq bo‘ldi.

Text to speech