22 Iyun 2021 2189

O‘zbekistonda Olimpiya haftaligi start oldi

23 iyun – Xalqaro Olimpiya kuni. Hozir butun dunyoda ushbu sana munosabati bilan turli ommaviy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bugundan mamlakatimizda ham “Xalqaro Olimpiya kuni” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar start oldi.

Koronavirus pandemiyasi to‘liq ortga chekinmaganini inobatga olgan holda ushbu bayramni ixcham va chiroyli qilib o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 28 iyunga qadar davom etadigan ushbu haftalikda 15 ta federatsiyalarimiz turli ommaviy tadbirlar, qiziqarli musobaqalar tashkil qilishni rejalashtirgan. Bugun erta tongda MOQ binosida ushbu musobaqalar startiga bag‘ishlangan katta fleshmob o‘tkazildi. Unda Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Turizm va sport vazirligi rahbariyati, Vazirlar Mahkamasi vakillari, federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari, faxriylar va yosh sportchilar jam bo‘lishdi.

Tadbirda mutasaddilar Xalqaro Olimpiya kuni tarixi, uning o‘ziga xos ahamiyati, hukumatimiz tomonidan sog‘lom turmush tarzi va Olimpizm g‘oyalarini targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tishdi. Shundan so‘ng yig‘ilganlarga Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning dunyo Olimpiya oilasiga yo‘llagan bayram tabrigi qo‘yib berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bilan Xalqaro Olimpiya kuniga bag‘ishlangan fleshmob jarayoni bo‘lib o‘tdi va barcha esdalik uchun suratga tushishdi.

Text to speech