21 Iyun 2021 2190

Paralimpiya yangiliklari: Birmingem va Berlindan xushxabar, Jizzaxda ilk bor 5×5 futbol o‘tkazildi

Ortda qolgan hafta Paralimpiya oilasi uchun ham bir qator eʼtiborli yangiliklar bilan esda qoldi. Jumladan, para-dzyudochilarimiz Birmingemda, para-suzuvchilarimiz Berlinda muvaffaqiyatli ishtirok etishgan bo‘lsalar, Jizzax viloyatida ilk bor ko‘zi ojiz sportchilar o‘rtasida 5×5 futbol turniri bo‘lib o‘tdi.

Britaniyada o‘tgan musobaqada para-dzyudochilarimiz 2 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘lishdi. Bu bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Shuningdek, vakillarimiz Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun muhim reyting ochkolariga ham ega bo‘lishdi.

Berlinda Jahon seriyasiga kiruvchi turnirning ilk kunida Shohsanam Toshpo‘latova oltin, Muzaffar Tursunxo‘jayev bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Musobaqa davomida Toshpo‘latova 200 metrga kompleks usulda suzish yo‘nalishida yana bir oltin medalni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan bo‘lsa, Tursunxo‘jayev 100 metrga chalqancha usulda kechgan bahsda kumush medal sohibi bo‘ldi. Shuningdek, Islom Aslanov va Firdavsbek Musabekov jamoamizga mos ravishda oltin va kumush medallarni keltirishdi. Shu tariqa, turnirda 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallariga ega bo‘ldik.

16-20 iyun kunlari Jizzaxda 5×5 futbol bo‘yicha ko‘zi ojiz sportchilar o‘rtasida ilk bor Respublika chempionati o‘tkazildi. Unda 10 ta jamoa va 100 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etdi. Qiziqarli va murosasiz kechgan final bellashuvida Qashqadaryo jamoasi Samarqand vakillaridan ustun keldi.

Text to speech