21 Iyun 2021 2541

Taekvondochilarimizdan yana bir tarixiy natija: “Beirut Open”da birinchi bo‘ldik

Livan poytaxti Bayrut shahrida taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionatidan so‘ng “Beirut Open” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Unda dayanga chiqqan taekvondochilarimiz jamoamiz g‘aznasini 10 ta medal bilan boyitishdi.

Kuni kecha Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Charos Qayumova (-53 kg) va Feruza Sodiqova (-62 kg), shuningdek, Madinabonu Mannopova (-49 kg), Ozoda Sobirjonova (-57 kg) va Nikita Rafalovich (-80 kg) Bayrut ochiq chempionatida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishdi. Jasur Jaysunov (-74 kg) va Shohsanam Aʼzamova (-46 kg) kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsalar, Shohruh Rajabov (+80 kg), Gulsanam Alijonova (-67 kg) va Sardor Toirov (-68 kg) bronza medali bilan taqdirlanishdi.

Quvonarlisi, 5 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan musobaqani umumjamoa hisobida birinchi o‘rinda yakunladik. Eslatib o‘tamiz, bundan avval o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza medallari bilan jamoamiz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etgan edi. Delegatsiyamiz 21-iyundan 22-iyunga o‘tar kechasi 01:00 da Toshkentga qaytib keladi.

Text to speech