O’zbekiston delegatsiyasi yangi g’alabalar sari Fransiya tomon yo’l oldi
Oʻzbekiston rasmiy delegatsiyasi 4 yillikning eng muhim starti – Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun Fransiya poytaxtiga jo’nab ketdi. Delegatsiya Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida kuzatib qoʻyildi. Yurtdoshlarimiz yangi orzu va umidlar bilan “Dream Liner” bortida Parij tomon yoʻl oldi.
Maʼlumot uchun, boʻlajak Olimpiya oʻyinlari rasman 26-iyul – 11-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. O’zbekiston delegatsiyasi o’z ishtirokini ertaga futbolchilarimizning Ispaniyaga qarshi o’yini bilan boshlaydi.
Bo’lajak Olimpiya o’yinlariga Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixida ilk bor 19 sport turida 90 nafar sportchi bilan 75 ta litsenziya qoʻlga kiritgan. Hamyurtlarimiz futbol, kamondan otish, suvga sakrash va ayollar kurashi dasturlarida Olimpiya oʻyinlarida debyut qiladi.
Fursatdan foydalanib, oldinda turgan mas’uliyatli musobaqa har bir sportchimizga omad va zafarlar yor bo’lsin deb, jonajon Vatanimizga tarixiy natijalar bilan qaytishlarini tilab qolamiz.