16 Iyul 2024 1404

Parij-2024 tayyorgarligining soʻnggi bosqichi, adolatli tanlov, yoxud boʻlajak Olimpiya oʻyinlari oldidan oʻtkazilgan matbuot anjumanining tafsilotlari

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining rasman start olishiga roppa-rosa 10 kun qoldi. Poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Oʻzbekiston delegatsiyasining mazkur Olimpiadadagi ishtiroki oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov, Saken Polatov, Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Vazir anjumanni ochib berar ekan, 3-yil davom etgan siklda Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan terma jamoalarimizning tayyorgarligi uchun barcha sharoitlar munosib tarzda yaratib berilgani, bunga javoban oʻzbek sporti tarixida ilk bor 19 sport turida 90 nafar atlet bilan 75 ta yoʻllanma qoʻlga kiritilganini, qolaversa, delegatsiyamiz futbol, ayollar kurashi, suvga sakrash va kamondan otish dasturlarida debyut qilishini bildirdi. MOQ Bosh kotibi sport federatsiya va assotsiatsiyalari bilan hamkorlikda ulkan ish olib borilgani, buning natijasida tayyorgarlik sikli yuqori koʻrsatkichlar bilan yakunlangani haqida toʻxtaldi. Shuningdek, Oybek Omilovich Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi va Oʻyinlarning tashkiliy qoʻmitasi bilan muntazam ravishda aloqa yoʻlga yoʻlga qoʻyilgani, delegatsiya aʼzolari, sportchi va murabbiylar uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini qoʻshimcha qildi.

Oʻz navbatida, Ravshan Irmatov futbolchilarimizning tayyorgarligi, rejalar xususida batafsil gapirib oʻtdi. Shuningdek, Saken Polatov boks, Azizjon Kamilov dzyudo misolida sportchilarimizning tayyorgarligi yakuniy pallaga kirgani, barcha jamoalarimizdan yuqori natijalar kutilayotgani xususida gapirib oʻtishdi.

Iyun oyida oʻtgan erkin kurash boʻyicha Budapesht Gran-prisining oltin medal sohibi Razambek Jamalov Bekzod Abdurahmonovning oʻrniga boʻlajak Olimpiadada -74 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Sherzod Tashmatov ushbu holatga izoh berar ekan, tanlov sogʻlom raqobat va adolatli mezonlar asosida, murabbiylar shtabi tomonidan kurashchilarning bugungi kundagi sport formasidan kelib chiqib amalga oshirilganini taʼkidladi.

Anjuman davomida jurnalistlar delegatsiya oldiga qoʻyilgan vazifa, sportchilarimizning bugungi kundagi holati, boʻlajak bahslarda faoliyat olib boradigan oʻzbekistonlik hakamlar va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Bugun Ishchi guruhining dastlabki qismi Fransiyaga poytaxtiga yoʻl oldi. Asosiy delegatsiya 23-iyul sanasida Parijga joʻnab ketishi rejalashtirilgan.

Text to speech