15 Iyul 2024 591

Amirxon Sodiqov: “Oʻz oldimga katta maqsadlarni qoʻyganman”

Oʻzbekiston tarixida Olimpiya oʻyinlariga ilk bor yoʻllanma olgan kamondan otish boʻyicha terma jamoamiz Parij shahrining oʻzida boʻlajak Olimpiadaga tayyorgarlik koʻrmoqda. Amirxon Sodiqov va Ziyodaxon Abdusattorova murabbiylar shtabi bilan 4-yillikning eng nufuzli musobaqasi oldidan yakuniy oʻquv-mashgʻulot yigʻinini oʻtkazishmoqda. Masʼuliyatli start oldidan Amirxon Sodiqovning fikrlari bilan oʻrtoqlashamiz:

– Litsenzion musobaqadan avval Parij-2024 yoʻllanmasini qoʻlga kiritishingizga ishonganmidingiz?
– Toʻgʻrisi, ishongandim. Boisi davlatimiz tomonidan bizga yaratib berilgan ajoyib sharoitlarga munosib javob berishimiz kerak edi. Murabbiylarimiz bilan uzoq vaqt tayyorgarlik koʻrdik, oʻz ustimda ishladim. Qolaversa, litsenzion turnirdan avval Koreya Respublikasida oʻtgan Jahon kubogida Ziyodaxon Abdusattorova bilan bronza medalini qoʻlga kiritganim yanada kuch bagʻishladi.

– Boʻlajak Olimpiadadan nimalar kutyapsiz?
– Birinchi bor Olimpiadada qatnashayotganimiz sababli ozroq hayajon bor. Unda boshqa sport turlaridagi yurtimizning eng kuchli atletlari bilan Oʻzbekiston sharafini himoya qilish oʻzgacha faxr beradi. Oʻz oldimga katta maqsadlarni qoʻyganman. Nasib qilsa, unda munosib ishtirok etib, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytamiz.

Text to speech