13 Iyul 2024 835

Parij-2024 litsenziatlari: Oʻzbekistonlik birinchi “Brilliant liga” gʻolibi Safina Sadullayeva

Safina Sadullayeva oʻzbek yengil atletikasining bugungi kundagi yorqin namoyondalaridan biri boʻlib turibdi. Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltinchi natijani qayd etgan yurtdoshimiz Parij-2024 da yanada baland marralarni koʻzlagan.

Sadullayeva Safina Erkinovna 1998-yil 4-mart kuni Sirdaryo viloyatida dunyoga kelgan. 2015-yildan yengil atletikaning balandlikka sakrash yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib keladi. Murabbiyi Alim Ahmedjanov. Hamyurtimizning xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyati 2015-yilga toʻgʻri kelib, unda Safina Qatar mezbonlik qilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi qitʼa chempionatida gʻalaba qozongan. 2017-yil Turkmanistonda Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida kumush, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlari va Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida oltin medallarga ega chiqdi. Shaxsiy rekordi – 1.97 metr. 2022-yil Polshada “Brilliant liga”da oltin medalni qoʻlga kiritib, mazkur nufuzdagi turnirda gʻalaba qozongan ilk oʻzbekistonlik atletga aylangan. Koʻrsatgan natijalari evaziga “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Sadullayeva Butunjahon yengil atletika federatsiyasi (World athletics) tomonidan eʼlon qilingan reyting yakuniga koʻra, balandlikka sakrash dasturida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisiga aylandi.

Text to speech