13 Iyul 2024 1009

MOQ raisi oʻrinbosari Fransiyaga yoʻl olayotgan dzyudochilarimiz bilan uchrashdi

Ertaga dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikning soʻnggi bosqichini olib borish uchun Fransiyaga yoʻl oladi. Safar oldidan MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov terma jamoa aʼzolari bilan uchrashib, ularga omad tiladi.

Rejaga koʻra, dzyudochilarimiz Normandiya hududida tayyorgarlikning yakuniy bosqichini olib borishadi. Yigʻin davomida sportchilarimiz maxsus texnik harakatlarni shakllantirishga katta ahamiyat qaratishadi. Uchrashuv davomida Azizjon Yakubjanovich Olimpiadada kurashadigan terma jamoaning har bir aʼzosi bilan alohida gaplashib, ularning holati, ijtimoiy ahvoli haqida suhbatlashdi. Shuningdek, boʻlajak musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishlari uchun hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilishi, buning uchun ulardan faqat va faqat Olimpiada medali sari bor imkoniyatlarini ishga solishlarini taʼkidladi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu sport turidagi bahslar 27-iyul – 3-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Dzyudochilarimiz Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida jamoa tarixida eng koʻp 13 ta yoʻllanmaga sazovor boʻlishgan.

Text to speech