10 Iyul 2024 760

Rasmiylar Olimpiadaga jo‘nab ketayotgan futbolchilarimizga omad tilashdi

Ertaga futbol bo‘yicha O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun Fransiyaga yo‘l oladi. Bugun Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati masʼuliyatli safar oldidan jamoamiz bilan uchrashib, yigitlarimizga oq yo‘l tilashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, mamlakat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ishtirok etishdi.

Rasmiylar o‘zbek sportida tarixiy yo‘llanmaga sazovor bo‘lgan jamoamizdan bo‘lajak Olimpiadada ham ulkan g‘alabalar kutishlarini, buning uchun davlatimiz barcha sharoitni yaratib berishini taʼkidlashdi. O‘z navbatida, bosh murabbiy Timur Kapadze ham jamoa Fransiyaga faqat va faqat Olimpiada medallari uchun yo‘l olayotgani, yigitlar barcha o‘yinda bor imkoniyatlarini ishga solishlarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, futbolchilarimiz Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroklarini 24-iyul kuni Ispaniyaga qarshi bahs bilan boshlashadi. Ungacha jamoamiz 15-iyul kuni Gvineya, 18-iyulda esa Yangi Zelandiya qarshi ikkita nazorat uchrashuvini o‘tkazadi.

Text to speech