8 Iyul 2024 932

Parij-2024 litsenziatlari: Uchinchi Olimpiadasiga hozirlik koʻrayotgan Gulnoza Matniyazova

Dzyudochi qizlarimiz orasida Gulnoza Matniyazova oʻzining xarakteri va oxirigacha kurashish hislati bilan alohida ajralib turadi. Qolaversa, yillar davomida toʻplangan tajriba unga boʻlajak Olimpiadada katta yordam berishiga ishonamiz.

Matniyazova Gulnoza Jumaboy qizi 1994-yil 10-avgust kuni Xorazm viloyati Xazorasp tumanida tugʻilgan. 2010-yildan xalqaro turnirlarda Oʻzbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Murabbiyi Sardor Niyazmetov. Ayni paytgacha Gran-pri turnirlarida 2 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, qitʼa chempionatlarida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza, “Katta dubulgʻa” turnirlarida 4 ta bronza, Osiyo oʻyinlarida 1 ta kumush va 2 ta bronza, jahon chempionatlarida 1 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan. Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi. Koʻrsatgan natijalari evaziga “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Matniyazova Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingiga koʻra -70 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.

Text to speech