19 Iyun 2021 2038

Oybek Kasimov Budapeshtda Xalqaro tekbol federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashdi

Ayni kunlarda MOQ Bosh kotibi, O‘zbekiston tekbol federatsiyasi raisi Oybek Kasimov xizmat safari bilan Budapesht shahrida bo‘ldi. Safar davomida Xalqaro tekbol federatsiyasi rahbariyati bilan istiqbolli masalalar muhokama qilindi.

Maʼlumki, Xalqaro tekbol federatsiyasining shtab-kvartirasida ushbu shaharda joylashgan. Umuman olganda, tekbol sportining vatani ham aynan Vengriya sanaladi. Oybek Kasimov xalqaro tashkilot prezidenti Gabor Borshani va raisi Viktor Xusar boshchiligidagi mutasaddilar bilan uchrashdi.

Suhbat davomida mazkur sport turini mamlakatimizda yana-da rivojlantirish, Toshkentda xalqaro musobaqalar tashkil etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. O‘z navbatida, xalqaro tashkilot hamkorlik rejalarini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonga qo‘shimcha zamonaviy inventarlar yetkazib berilishini maʼlum qildi.

Qayd etish joiz, tekbol sport turi kashf etilganiga ko‘p bo‘lmasa-da, butun dunyo bo‘ylab jadal suratlarda ommalashib bormoqda. 4 yil ichida 120 dan ortiq mamlakatda milliy federatsiyalar tashkil etildi. Musobaqa kelgusi Yevropa o‘yinlari dasturiga kiritildi. Xalqaro tashkilotning navbatdagi qadami esa ushbu sport turini Osiyo va keyinchalik Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘ladi.

Text to speech