Oʻzbekiston delegatsiyasi bu yilgi “Osiyo bolalari” oʻyinlarini umumjamoa hisobida birinchi oʻrinda yakunladi!
Rossiya Federatsiyasining Yakutsk shahrida VIII “Osiyo bolalari” xalqaro sport oʻyinlari oʻz yakuniga yetdi. 25-iyun – 6-iyul kunlari boʻlib oʻtgan musobaqada Oʻzbekiston delegatsiyasi 36 ta oltin, 31 ta kumush va 21 ta bronza, jami 88 ta medal bilan 25 ta davlatdan tashrif buyurgan 30 jamoa orasida birinchi oʻrinni egalladi!
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ushbu musobaqada qoʻlga kiritilgan ajoyib natija bilan Sport vazirligi, federatsiya va assotsiatsiyalarimiz, murosasiz bahslarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan barcha sportchilarimiz va ularni tayyorlagan murabbiylarni samimiy muborakbod etadi. Mazkur musobaqa kelasi yil mamlakatimizda oʻtadigan Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari oldidan oʻzbekistonlik yosh atletlarning imkoniyatini yana bir bor sinovdan oʻtkazish imkoniyatini berdi.
Delegatsiyamiz ertaga soat 08:25 da Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keladi.