6 Iyul 2024 1903

Parij-2024 litsenziatlari: Oʻzbek dzyudosining malikasi Diyora Keldiyorova

Oʻzbek dzyudosining bugungi kundani yorqin vakili Diyora Keldiyorova mamlakatimizda xotin-qizlar sportiga koʻrsatilayotgan eʼtibor qay darajada oʻz samarasini berayotganiga yaqqol namuna. -52 kg vazn toifasida dunyo reytingini boshqarib borayotgan sportchimiz bugungi qahramonimiz boʻladi.

Keldiyorova Diyora Baxtiyor qizi 1998-yil 13-iyul kuni Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida tugʻilgan. 2014-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Nelli Kiyamova. Keldiyorova faoliyati davomida Gran-pri turnirlarida 1 tadan oltin va kumush, qitʼa chempionatlarida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, “Katta dubulgʻa” turnirlarida 5 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza, Masters musobaqalarida 2 ta bronza, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida 1 ta oltin 1 ta kumush medallariga sazovor boʻlgan. 2015-yilgi oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempioni. Kattalar oʻrtasidagi dunyo birinchiliklarida esa 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan. Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi. Koʻrsatgan natijalari evaziga “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.

Keldiyorova Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingiga koʻra -52 kg vazn toifasi peshqadami sifatida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.

Text to speech