Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarligi OAV nigohida
Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining tayyorgarlik siklini yuqori notada oʻtkazib, delegatsiyamiz hisobiga eng koʻp – 13 ta yoʻllanma taqdim qildi. Shubhasiz, bu oʻzbek dzyudosi uchun tarixiy natija. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida terma jamoaning erishgan ushbu natijasi va 4-yillikning eng nufuzli musobaqasiga olib borilayotgan tayyorgarlik mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Ilias Iliadis boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabi va sportchilar, OAV vakillari qatnashishdi.
Dastavval, Azizjon Yakubjanovich terma jamoamizning bugungi kunda olib borayotgan tayyorgarligi haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi. Xususan, Diyora Keldiyorova va bir nechta qizlarimiz ayni paytda Yaponiyada mashgʻulot olib borishmoqda. 14-iyul kuni terma jamoa toʻliq tarkibda soʻnggi yigʻinni oʻtkazish uchun Fransiyaga yoʻl oladi. Shuningdek, A.Kamilov boʻlajak Olimpiadada dzyudo jamoamiz delegatsiyamizga eng koʻp medal taqdim etishni maqsad qilganini qoʻshimcha qildi.
Oʻz oʻrnida, Shahrullo Sharipovich terma jamoamizning tayyorgarlik jarayoni davlatimiz tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Oybek Omilovich hamda Sherzod Rixsibayevich bu gal ham dzyudochilarimiz yoqimli anʼanani davom ettirgan holda oʻz medallari bilan delegatsiyamizning muvaffaqiyatiga hissa qoʻshishlarini tilashdi.
Shuningdek, sportchilarimiz muxlislarga uzoq kutilgan oltin medalni qoʻlga kiritib, oʻzbek dzyudosida yangi sahifa ochish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlarini maʼlum qilishdi. Anjuman davomida OAV xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan boshqa savollarga atroflicha javob olishdi.