2 Iyul 2024 4341

Oʻzbekiston delegatsiyasini Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi

Bugun poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Oʻzbekiston delegatsiyasini Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov, Davlat Xavfsizlik xizmati raisi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Adham Ikramov boshchiligidagi Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbarlari, sportchi hamda murabbiylar, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tanzila Kamalovna tantanali marosimni ochib berar ekan, Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda xotin-qizlar sportiga qaratilayotgan eʼtibor, buning ortidan Olimpiadaga litsenziya olgan ayol sportchilarimizning soni ortib borayotgani haqida toʻxtalib oʻtdi. Oʻz oʻrnida, Abdulla Nigmatovich Prezidentimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan diyorimizda soʻnggi davrda ogʻir atletika, boks, dzyudo kabi sport turlari boʻyicha jahon chempionatlari oʻtkazilgani, bu yil esa futzal boʻyicha dunyo birinchiligini qabul qilishimiz, 2025-yil mamlakatimizda yoshlar Osiyo oʻyinlari tashkil etilishi, undagi bahslarni oʻtkazish uchun muhtasham Olimpiya shaharchasi barpo etilayotgani, bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston jahon sportida oʻz oʻrniga ega mamlakatlardan biriga aylanib borayotgani xususida soʻzladi.

Sportchilar nomidan dzyudo boʻyicha jahon chempioni Muzaffarbek Toʻraboyev hamda boks boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempioni Nigina Oʻktamova soʻzga chiqishdi. Atletlarimiz davlatimizning eʼtibori, qoʻlga kiritgan litsenziyalari uchun pul mukofotlarini qabul qilib olishgani, bu ularga Parij-2024 Olimpiadasi oldidan katta motivatsiya boʻlishi haqida gapirib oʻtishdi. Shuningdek, ular yaratib berilgan sharoitlar uchun sportchilar nomidan Prezidentimizga minnatdorchilik izhor qildilar. Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Gyozal Moʻminova federatsiya va assotsiatsiyalar nomidan tayyorgarlik siklidagi eʼtibor uchun davlatimizga tashakkur aytdi.

Murabbiylar nomidan soʻz olar ekan, futbol boʻyicha Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze futbolchilarimiz ham Olimpiadada oʻz gʻalabalari bilan Muhtaram Prezidentimiz va xalqimizga katta quvonch ulashish, faqatgina medallar qoʻlga kiritish uchun Fransiyaga yoʻl olishayotganini aytib oʻtdi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston delegatsiyasining hamkorlaridan biri 7SABER brendi Olimpiada uchun tayyorlangan sport ekipirovkalari taqdimotini ham oʻtkazdi. Yangi toʻplam barcha sportchi va murabbiylarga birdek manzur boʻldi.

Shuningdek, davlat bayrogʻi boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari – boks boʻyicha jahon chempioni Abdumalik Xalokov hamda qilichbozlik boʻyicha Osiyo oʻyinlari chempioni Zaynab Dayibekovaga tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda taniqli shoir, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nodir Jonuzoq sportchilarimiz uchun yozgan sheʼrini oʻqib berdi.

Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov sportimiz oqsoqollari nomidan delegatsiyamiz aʼzolariga omad tiladi hamda vatanimizga yorugʻ yuz bilan qaytib kelishlari uchun duo qildi.

Shuningdek, rasmiylar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilgan kunning 32 yilligi bilan barchani muborakbod etishdi. Shu tariqa, tantanali tadbir oʻz yakuniga yetdi. Ertadan, 3-iyul sanasidan boshlab terma jamoalarimiz reja asosida Fransiyaga yoʻl olib, tayyorgarlikning soʻnggi bosqichini bevosita Parij yaqinida olib borishadi. Eslatib oʻtamiz, XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari 26-iyul – 11-avgust kunlari boʻlib oʻtadi.

Text to speech