1 Iyul 2024 1198

Parij-2024 litsenziatlari: Olimpiada sovrindori Davlat Bobonov

Oʻzbek dzyudosida har bir davrning oʻz yulduzlari bor. Davlat Bobonov soʻnggi yillardagi ana shunday shaxslardan biri boʻlib, nafaqat oʻzbek, balki jahon dzyudosida ulkan shuhrat qozonib ulgurgan. Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarining qahramonlaridan biri bu gal ham muxlislar eʼtiborida boʻlishi, shubhasiz.

Bobonov Davlat Husniddin oʻgʻli 1997-yil 7-iyun kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida tugʻilgan. 2013-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Nurali Qobulov. Bobonov Gran-pri turnirlarida 1 ta oltin, qitʼa chempionatlarida 2 ta oltin va 1 ta kumush, “Katta dubulgʻa” turnirlarida 2 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza, Masters tasnifidagi musobaqalarda 1 ta bronza, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida 2 ta kumush, jahon chempionatlarida esa 1 tadan oltin, kumush va bronza medallariga ega chiqqan. Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobiga bronza medalini taqdim qilgan. Koʻrsatgan natijalari evaziga I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Bobonov Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingiga koʻra -90 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.

Text to speech