29 Iyun 2024 261

Parij-2024 litsenziatlari: Osiyo o‘yinlari chempioni Murodjon Yo‘ldoshev

Xorazm o‘g‘loni Murodjon Yo‘ldoshev -73 kg vazn toifasida so‘nggi uch yil ajoyib ishtiroki bilan barchaning eʼtiborini tortmoqda. Dzyudochimiz ishtirokidagi bahslar hamisha tomoshabopligi va shiddatli o‘tishi bilan alohida ajralib turadi.

Yo‘ldoshev Murodjon Quvondiq o‘g‘li 1995-yil 9-avgust kuni Xorazm viloyatida tavallud topgan. 2017-yildan O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Elbek Umarov. Murodjonning hisobida Olimpiya o‘yinlaridan boshqa barcha musobaqalarning medallari mavjud. Dzyudochimiz shu paytgacha Gran-pri turnirlarida 1 ta oltin, qitʼa chempionatlarida 1 ta oltin va 2 ta bronza, “Katta dubulg‘a” musobaqalarida 1 tadan oltin va bronza, Osiyo o‘yinlarida 1 ta oltin va 1 ta kumush, Masters va jahon chempionatlarida esa 1 tadan bronza medallariga sazovor bo‘lgan. 2023-yil O‘zbekistonning eng yaxshi dzyudochisi deb topilgan. Ko‘rsatgan natijalari evaziga “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.

Yo‘ldoshev Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingiga ko‘ra -73 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Text to speech