18 Iyun 2021 2006

Ukrainalik mashhur sport shifokori bilan terma jamoalarimizning Olimpiadaga tibbiy tayyorgarligi tekshirilmoqda

Terma jamoalarimizni Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashda xorijiy davlatlar tajribasi va zamonaviy metodikadan keng foydalanish bo‘yicha bir qator davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Avval maʼlum qilganimizdek, bu borada ukrainalik taniqli shifokor Vyacheslav Popov jamoalarimiz bilan birgalikda faoliyat olib boradi.

Ukraina futbol, boks, baydarka va kanoe kabi terma jamoalarida ishlagan mazkur mutaxassis Tokio-2020 Olimpiadasigacha terma jamoalarimiz bilan hamkorlik qiladi. Ilgari ushbu shifokor bilan onlayn konsultatsiya olib borilgan bo‘lsa, bugun amaliy ishlar boshlandi. Chirchiq shahrida o‘tgan tadbirda og‘ir atletikachilarimizning holati tahlil qilindi.

Uchrashuvda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, terma jamoamiz murabbiylar shtabi va sportchilar jam bo‘lishdi. Qayd etish joiz, terma jamoamiz bir necha kundan so‘ng Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini o‘tash uchun Ukrainaga yo‘l oladi. Bugungi tahlil mazkur safar oldidan atletlarimizning holatini ko‘zdan kechirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Unda yetakchi atletlarimizdan turli tahlillar olinib, ularga berilayotgan yuklamalar, mashg‘ulotdan oldin va keyin organizmlaridagi o‘zgarish, mushaklarning holati atroflicha o‘rganib chiqildi. Mutaxassislar xulosa o‘rnida murabbiylar tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlar tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini alohida taʼkidlashdi.

Aytib o‘tganimizdek, bu og‘ir atletikachilarimiz bilan o‘tkazilgan dastlabki chuqurlashtirilgan tahlil bo‘ldi. Oldinda boks, sport kurashlari va boshqa bir qator terma jamoalarimiz bilan ham shunday dasturlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Text to speech