Parij-2024 litsenziatlari: Parter ustasi Doston Roʻziyev
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan dzyudochilarimizni tanishtirishni boshlaymiz. Bugun Sizlar bilan erkaklar oʻrtasida eng yengil vazn toifasidagi bahslarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan Doston Roʻziyev haqida gaplashamiz.
Roʻziyev Doston Oston oʻgʻli 1996-yilning 10-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida tavallud topgan. 2017-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi safida ishtirok etib kelmoqda. Dzyudo sirlarini Elbek Umarov hamda Fozil Xolborozovdan oʻrgangan. Mahoratli dzyudochimiz oʻzining parterdagi ajoyib harakatlari bilan yaqqol ajralib turadi. Xususan, joriy yil Toshkentda oʻtgan “Katta dubulgʻa” turnirining finalida gruziyalik jahon chempioni Giorgi Sardalashvilini mana shu usulda magʻlub etib, oltin medalni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, uning hisobida “Katta dubulgʻa” turnirlarining yana 3 ta bronza, qitʼa chempionatlarining esa 2 ta bronza medali mavjud.
Roʻziyev Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingiga koʻra -60 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.