Oʻzbekiston va Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA) Bosh kotibi Nosir Ayman Majali boshchiligidagi delegatsiya mehmon boʻldi. Tashrif davomida xalqaro tashkilotning Oʻzbekiston bilan aloqasini yangi bosqichga olib chiqish, tomonlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash borasida fikr almashildi.
Mehmonlarni Sport vaziri Adham Ikramov va MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi olishdi. Shundan soʻng tomonlar oʻrtasida uchrashuv tashkil etilib, unda Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov va ISSA rasmiylari ham ishtirok etishdi.
Samimiy ruhda oʻtgan suhbatda Adham Ikramov mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan sportga qaratilayotgan eʼtibor, buning natijasida atletlarimizning xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlari, ommaviy sport targʻiboti yoʻlida amalga oshirilayotgan loyihalar xususida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, vazir ISSA rahbari janob Abdulaziz bin Turki Al Saud bilan ham doʻstona aloqalar borligini qoʻshimcha qildi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan hozirlik, terma jamoalarimizning bu borada davlatimiz tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanilayotgani, qolaversa, 2025-yil mamlakatimizda oʻtkaziladigan yoshlar Osiyo oʻyinlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik haqida gapirdi.
Janob Majali Oʻzbekiston Islom birdamligi sport assotsiatsiyasining faol aʼzolaridan biri ekani, Rio-2016 yozgi Olimpiya va Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida tashkilotga aʼzo mamlakatlar orasida eng yuqori natija qayd etganini alohida tilga oldi. Shuningdek, mamlakatimiz aholisi sportsevar ekani, soʻnggi yillarda bir qator sport turlarida tarixiy natijalar qayd etilayotganidan xabardor ekanini bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan oʻzaro tajriba almashish, ular ishtirokida qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish, qolaversa, ISSA shafeʼligida turnirlardan birini Oʻzbekistonda oʻtkazish kabi ustuvor mavzular borasida fikr almashishdi.