18 Iyun 2021 2227

O‘zbekiston kikboks bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi mumkin

So‘nggi paytlarda mamlakatimiz bir qator sport turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Yaqin yillar orasida mazkur turnirlar orasiga kikboks ham qo‘shilishi mumkin.

Bu masalani MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov Jahon kikboks tashkiloti vitse-prezidenti Salim Kayichi bilan uchrashuvda muhokama qildi. Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston kikboks federatsiyasi raisi Oybek Karmetov ham ishtirok etdi. Suhbat davomida mamlakatimizda ushbu sport turini yana-da rivojlantirish, federatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

MOQ rahbari turkiyalik mehmonga Prezidentimiz boshchiligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti xususida gapirib berdi. O‘z navbatida, Salim Kayichi ayni paytda poytaxtimizda o‘tayotgan kikboks bo‘yicha xalqaro musobaqaning yuqori saviyada o‘tayotgani, bunday tashkilotchilik bilan O‘zbekistonning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qilishi mumkinligini aytib o‘tdi. Rustam Shoabdurahmonov ushbu fikrni qo‘llab-quvvatladi va MOQ bu borada hamkorlikda ishlashga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar har ikki mamlakat rahbarlarining olib borayotgan do‘stona aloqalarini sport sohasida davom ettirishdan minnatdor ekanligini taʼkidlab, esdalik uchun sovg‘a almashishdi.

Text to speech