25 Iyun 2024 1926

Parij-2024 litsenziatlari: Jahon chempioni Tursunoy Jabborova

Tursunoy Jabborova oʻzbek ogʻir atletikasida alohida oʻringa ega. Boisi, hamyurtimiz kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan birinchi oʻzbekistonlik ogʻir atletikachi qiz hisoblanadi.

Jabborova Tursunoy Valijon qizi 2002-yil 4-mart kuni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tugʻilgan. 2017-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga murabbiyi Artur Emiryan qoʻl ostida hozirlik koʻrmoqda. Mahoratli sportchimiz 2021-yil Toshkent, 2022-yil Iraklion (Gretsiya) shaharlari mezbonlik qilgan yoshlar oʻrtasidagi dunyo birinchiliklarida oltin medallarga sazovor boʻlgan. Kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, uning hisobida Osiyo chempionatlarining 1 ta kumush va 2 ta bronza, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarining 3 ta oltin medallari ham mavjud. Qayd etgan natijalari evaziga “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan.

Jabborova Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi tomonidan iyun oyi uchun yoʻllanmalarni qayta taqsimlash dasturiga koʻra, +81 kg vazn toifasida Parij-2024 litsenziyasini qoʻlga kiritdi.

Text to speech