Para-suzish: Jahon seriyasini 2 ta medal bilan boshladik
Para-suzuvchilarimiz ayni kunlarda Berlin shahrida Jahon seriyasiga kiruvchi musobaqada ishtirok etishmoqda. Mazkur turnirda dunyoning 39 ta davlatidan jami 411 nafar sportchi bahs olib bormoqda.
Berlindagi musobaqaning dastlabki kunida 100 metr masofaga batterflyay usulida suzish bo‘yicha 2 nafar sportchimiz shohsupaga ko‘tarildi. Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Shohsanam Toshpo‘latova oltin, erkaklar o‘rtasidagi bahsda esa Muzaffar Tursunxo‘jayev bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Shohsanam 100 metr masofani 1:06.30 daqiqada bosib o‘tgan bo‘lsa, Muzaffarda ushbu ko‘rsatgich 57.34 soniyani tashkil qildi.
Sportchilarimiz yana suzishning 200 metr individual kompleks, 100 metr chalqancha, 50 metr erkin va 100 metr brass usullarida startga chiqishadi.