Gimnastika fidoyisi Svetlana Kuznetsova 80 yoshda!
Bugun oʻzbek sport gimnastikasining jonkuyarlaridan biri, ushbu sport rivojiga umrining 50-yildan ortiq qismini baxshida qilgan, bir necha avlod vakillari, xususan, Olimpiada va jahon chempioni Oksana Chusovitina, Pekin-2008 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi Luiza Galiulina va boshqa koʻplab iqtidorli sportchilarni tarbiyalagan Svetlana Kuznetsova 80 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Svetlana Mixaylovnani qutlash uchun tadbir tashkil etildi.
Unda Sport vaziri Adham Ikramov hamda uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi direktori Galina Izrailbekova, kun qahramonining shogirdlari va yaqinlari ishtirok etishdi.
Adham Ikramov yubiley egasini ayyom bilan qutlar ekan, oʻzbek sport gimnastikasining bugungi muvaffaqiyatlarida Svetlana Mixaylovna kabi jonkuyarlarning oʻrni katta ekani haqida gapirdi. Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan sport faxriylarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga katta ahamiyat qaratilayotganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, Oybek Kasimov S.Kuznetsova oʻzining sevimli shogirdi Oksana Chusovitina bilan Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgani, uning boy tajribasi bugungi kunda murabbiylarga meros boʻlib oʻtgani xususida toʻxtaldi va yubiley tugʻilgan kunini nishonlaydigan faxriylarga atalgan MOQning esdalik medalini taqdim qildi.
Shuningdek, tadbirda Bahodir Maxsitov sport faxriylari, Galina Izrailbekova mamlakat gimnastika federatsiyasi nomidan Svetlana Kuznetsovaga oʻz tabriklarini yoʻllashdi. Tadbir davomida rasmiylar kecha 49 yoshni qarshi olgan Oksana Chusovitinani ham tabriklab oʻtishdi.
Maʼlumot uchun, Kuznetsova Svetlana Mixaylovna 1944-yil 20-iyun kuni tavallud topgan. 1986-yildan 2023-yilgacha hozirgi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida samarali ishlab kelgan. Oksana Chusovitinani 1981-2004-yillar davomida shaxsan oʻzi shugʻullantirgan. Hozirda Gimnastika boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabida yosh sportchilarga saboq berib kelmoqda. Koʻrsatgan xizmatlari uchun “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoni va “I darajali mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Sport faxriylar kengashi Svetlana Kuznetsovani bugungi yubiley bilan qutlab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.