18 Iyun 2024 1296

Jahon elitasiga katta qadamlar bilan qoʻshilayotgan 20 yoshli oʻzbek mergani

14-17-iyun kunlari Turkiyaning Antalya shahri mezbonlik qilgan kamondan otish boʻyicha Parij-2024 jahon litsenzion turnirida Amirxon Sodiqovning yakkalik dasturida barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, oltin medal barobarida Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi oʻzbek kamonchiligi rivoji yangi bosqichga koʻtarilayotganini yana bir karra koʻrsatdi.

Zero, bundan avval qitʼaviy litsenzion turnirda Ziyodaxon Abdusattorova oʻzbek kamonchilari orasida birinchi boʻlib 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga yoʻllanma olgandi. Amirxonning muvaffaqiyatli ishtiroki delegatsiyamizni mikst dasturida ham yana bir Olimpiada kvotasi bilan taʼminladi.

Amirxon Sodiqov saralashdagi yuqori natijasi sabab birinchi raqamli sportchi sifatida qurʼadan joy oldi va turnirni raqamiga mos ravishda oltin medal bilan yakunladi. Dastlabki ikki bosqichdan erkin oʻtgan Sodiqov uchinchi davrada polshalik Oskar Kasprovski, soʻng isroillik Niv Frenkelni 6:2 hisoblarida magʻlubiyatga uchratdi. Chorak finalda lyuksemburglik Pit Klein, yarim finalda esa Vyetnamlik Pxong Le 7:1 hisoblarida dogʻda qoldirildi. Final bosqichida Olimpiada yoʻllanmasi naqd qilingan boʻlsa ham Sodiqov yuksak mahorat koʻrsatishda davom etdi va bangladeshlik Sagor Islamga hech qanday imkoniyat qoldirmay 6:0 hisobida gʻalaba qozonib, turnir gʻolibiga aylandi.

20 yoshli Sodiqov ayni paytda jahon reytingida 34-pogʻonani egallab turibdi. Biroq uning soʻnggi 1 oy davomida koʻrsatgan natijalari xuddi TOP-10 dagi merganlarga xos. Boisi bir necha kun muqaddam Janubiy Koreyada oʻtgan Jahon kubogi bosqichida Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni turkiyalik Mete Gazozni magʻlub etgani, kecha jahon litsenzion turnirida oltin medalni qoʻlga kiritgani yuqoridagi fikrga isbot boʻla oladi. Shubhasiz, ayni paytda ajoyib sport formasiga chiqqan Sodiqovdan Parij-2024 Olimpiadasida ham yuqori natijalar kutib qolamiz.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi mamlakat kamondan otish federatsiyasini qoʻlga kiritilgan ushbu muvaffaqiyat bilan qutlab, sportchilarimizga boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida ham munosib ishtirok etishlarini tilab qoladi.

Text to speech