17 Iyun 2021 2220

Azizjon Kamilov: “Delegatsiyamizga ilk medalni taqdim qilish anʼanasini Tokio-2020 Olimpiadasida ham davom ettiramiz”

6-13-iyun kunlari Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionati terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tganidan xabaringiz bor. Unda O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq tarkibda – 18 nafar (yakkalik va aralash jamoaviy) ishtirok etdi. Yakunda Davlat Bobonov (-90 kg) o‘z vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, tarixda ilk bor terma jamoamiz aralash jamoaviy bahslarda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bugun MOQda ushbu musobaqa yakunlari va Tokio-2020 Olimpiadasiga olib borilayotgan tayyorgarlik mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda MOQ raisining o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, jamoamiz bosh murabbiyi, Olimpiada chempioni Ilias Iliadis, Xalqaro dzyudo federatsiyasi sport komissiyasi kotibi sifatida ishlayotgan hamyurtimiz Abdullo Murodov, terma jamoamiz sportchi va murabbiylari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Anjumanni Azizjon Kamilov ochib berdi. Tadbir davomida dzyudochilarimizning jahon chempionatidagi muvaffaqiyatlari tasvirlangan videorolik va O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining so‘nggi yillardagi faoliyati, kelgusi rejalari tasvirlangan taqdimot namoyish etildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar bilan savol-javob boshlandi.

“So‘nggi musobaqalar ko‘rsatib berdiki, baʼzi davlatlar to‘liq tarkibda ishtirok eta olishmadi. Buning sababi ko‘pgina davlatlar Olimpiadaga tayyorgarlik jarayonini to‘liq moliyalashtirishda qiyinchiliklarga duch keldi. Shu o‘rinda hukumatimizning sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlayotgani, yaratib berilayotgan sharoitlar uchun rahmat aytib o‘tmoqchimiz. Musobaqaga keladigan bo‘lsak, natijalardan qoniqdik deyish mumkin. Taqdimotda aytilganidek, sportchilarimiz jahon chempionatida maksimal sport formasida bo‘lishmadi. Sharofiddin Lutfillayev bilan individaul ishlayapmiz. Nasib qilsa, Tokio-2020 Olimpiadasida ham delegatsiyamizga ilk medalni taqdim qilish anʼanasini davom ettiramiz”, – dedi Azizjon Kamilov.

O‘z navbatida, Ilias Iliadis ham taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

“Biz jamoa bilan 24 soat birgamiz. Mashg‘ulotlardan tashqari shaxsiy masalalar, hayotiy tajribalar va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda fikr almashamiz. Jahon chempionatidagi natija barchamizniki. Biz bunga hamjihatlikdagi ishimiz bilan erishdik. Prezidentimiz tomonidan jamoa uchun barchasi muhayyo qilingan”.

Sportchilarimiz orasida Diyora Keldiyorova qizlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, Davlat Bobonov va Muzaffarbek To‘raboyev hukumatimizning eʼtiboridan jamoamiz olayotgan motivatsiya xususida gapirib o‘tishdi. Anjuman davomida mutasaddilar jamoamizning rejalari va taassurotlar haqidagi savollarga atroflicha javob berib o‘tishdi.

Tadbir yakunida Azizjon Kamilov bugun 25 yoshini qarshi olayotgan terma jamoamiz vakili Bekmurod Oltiboyevga esdalik sovg‘alarini taqdim qildi.

Text to speech