17 Iyun 2024 874

Parij-2024 arenalari: 1924-yilgi Olimpiadaga ham mezbonlik qilgan “Iv dyu Manuar” stadioni

Bugun boʻlajak Olimpiya oʻyinlarini qabul qiladigan deyarli har bir arenaning oʻziga xos jihatlari bor. Bugun Siz aziz obunachilar bilan tanishadigan arena bundan roppa-rosa 100 yil avval oʻtgan Parij-1924 yozgi Olimpiya oʻyinlarini ham qabul qilgani bilan ahamiyatli.

"Iv dyu Manuar" nomli ushbu majmua 1907-yil qurilgan boʻlib, dastlab 45 000 tomoshabin uchun moʻljallangan. 1924-yil aynan Parij mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida bosh stadion vazifasini bajargan. Unda yengil atletika, velosport, ot sporti, gimnastika, tennis, futbol, regbi va zamonaviy beshkurashning bir qator yoʻnalishlaridagi bellashuvlar oʻtkazilgan. Keyinchalik futbol va regbi oʻyinlari uchun ixtisoslashtirilib, sigʻimi 60 000 tomoshabinga yetgan. Stadion 1938-yilgi futbol boʻyicha jahon chempionati, xususan, uning final oʻyiniga ham mezbonlik qilgan. 2017-yilgacha "RC Paris" futbol va "Racing92" regbi klublarining uy oʻyingohi boʻlib keldi.

Bugunga kelib, inshoot butkul boshqacha qiyofa ochgan. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida arena chim ustida xokkey bahslarini qabul qiladi. Ushbu musobaqalar davomida 15 000 muxlis bellashuvlarni tomosha qilishi mumkin. Olimpiya shaharchasidan 9 km uzoqlikda joylashgan.

Text to speech