15 Iyun 2024 859

Parij-2024 arenalari: 12 ta futbol uchrashuviga mezbonlik qiladigan “Lion” stadioni

Arenalar bo‘ylab sayohatimizda yana Fransiyaga qaytamiz. Bu galgi manzilimiz qadimgi Galliyaning poytaxti bo‘lgan Lion shahri va uning sharqiy qismida joylashgan “Lion” stadioni bo‘ladi.

Inshoot 2016-yil Fransiyada o‘tgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati uchun barpo etilgan. Kattaligi jihatdan mamlakatda uchinchi stadion hisoblanadi. Zamonaviy dizayn va imkoniyatlarga ega obyektning tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, elektr energiya taʼminotida o‘z ehtiyojlarini qoplay oladi. Arena o‘z tarixida Yevro-2016 bahslarining 6 ta, 2019-yil ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatining 3 ta (final o‘yini ham), 2023-yilgi regbi bo‘yicha jahon chempionatining 5 ta o‘yini, shuningdek, Ed Shiran, Rianna, Teylor Svift kabi jahon estradasi yulduzlarining konsertlariga mezbonlik qilgan. O‘yingoh "Olimpik Lion" futbol klubining uy uchrashuvlari o‘tkaziladigan arena hisoblanadi.

Lionga Parij shahridan tezyurar poyezdda 2 soatda yetib olish mumkin. 59 mingdan ortiqroq muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan majmua Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari mobaynida 12 ta futbol o‘yiniga mezbonlik qiladi. Agar O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi o‘z guruhida ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqsa, chorak finalda aynan ushbu stadionda “D” guruhining g‘olibi bilan bellashadi.

Text to speech