14 Iyun 2024 768

Parij-2024 arenalari: Mavjli toʻlqinlari bilan mashhur Teaxupoo

Kamarlarni taqib oling. Hozir biz Parij shahridan 16 300 km uzoqlikda joylashgan Fransiya Polineziyasining Taiti oroliga yoʻl olamiz. Bu yerda Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining syorfing bahslari oʻtkaziladi.

Manzilni yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, oroldagi Teaxupoo maskani dunyoning eng kuchli syorfing ustalarini oʻz bagʻrida jamlaydi. Ushbu hudud syorfing bellashuvlari uchun eng yaxshi joy deb topilgan. Boisi unda doimiy mavjlanib turadigan toʻlqinlar manzaraga yanayam koʻrk bagʻishlab turadi. Shu bois ham jahondagi eng katta syorfing musobaqalaridan biri ushbu orolda oʻtadi. Doimiy toʻlqinlarning balandligi 2-3 metrni tashkil etadi. Baʼzan esa 7 metrgacha koʻtariladi. Bu haqiqiy adrenalin ishqibozlari uchun ayni muddao. Faqat yurtimizdagi muxlislar uchun ushbu sport turidagi bahslarni tomosha qilish ozroq noqulaylik tugʻdirishi mumkin. Boisi hududning vaqt mintaqasi Toshkentdan naqd 15 soat orqada.

Teaxupoo Taiti orolining janubi-gʻarbiy qismida Parijdan 16 300, Fransiya Polineziyasi poytaxti Papeetedan 75 km uzoqlikda joylashgan. Bu yerda 27-31-iyul kunlari syorfing dasturidagi 2 ta medallar jamlanmasi oʻynaladi.

Text to speech