FIA va O‘zbekiston aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Samarqandda davom etayotgan Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA)ning Konferensiyasi doirasida sohadagi istiqbolli hamkorlik mavzusida tor doiradagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Samimiy ruhda o‘tgan ana shunday uchrashuvlardan biri FIA rahbariyati hamda O‘zbekiston tomoni o‘rtasida kechdi.
Unda FIA Prezidenti Muhammad Ahmad ben Sulayem, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vaziri Adham Ikramov, Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitalari, O‘zbekiston milliy avtosport va karting federatsiyasi rahbariyati qatnashdi.
Uchrashuvda so‘z olgan Adham Ikramov yurtimizda ommaviy sport targ‘iboti bo‘yicha qilinayotgan ishlar, sportning texnik va murakkab turlari ham rivojlanib borayotgani, milliy federatsiyamiz tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmasada, qisqa fursat ichida salmoqli natijalarga erishgani haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘z navbatida, Otabek Umarov mamlakatimiz aholisining 65 foizini yoshlar tashkil etishi va tug‘ilish darajasi yiliga qariyb 1 milliondan ortib borayotgani, avtosport diyorimiz yoshlarining sevimli xobbisiga aylanayotgani haqida qo‘shimcha qildi.
Janob ben Sulayem ko‘tarinki ruhda o‘tayotgan tadbir haqida iliq fikr bildirar ekan, kelgusida mamlakatimizda “Silk Road” xalqaro turnirini tashkil etish, Toshkentda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasida ham karting va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish g‘oyasi xususida gapirib, mahalliy mutaxassislarning bilimini oshirish yuzasidan turli seminarlar o‘tkazish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.
Suhbat yakunida zamonaviy sport avtomobillarini ishlab chiqarishda xorij tajribasini o‘rganish va boshqa istiqbolli mavzular borasida fikr almashildi.