11 Iyun 2024 972

Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilayotgan FIA Konferensiyasi o‘z ishini boshladi

Samarqandda Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA)ning Konferensiyasi boshlandi. Bugun nufuzli tadbirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Muhammad Ahmad ben Sulayem boshchiligidagi FIA rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vaziri Adham Ikramov, Samarqand viloyati hokimi Erkin Turdimov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitalari, O‘zbekiston milliy avtosport va karting federatsiyasi rahbariyati, shuningdek, tadbirning faxriy mehmonlari ishtirok etishdi.

Qayd etish joiz, Konferensiya doirasida xalqaro tashkilotning yubiley 120 yilligi ham keng nishonlanmoqda. Tantanali marosimni Odil Abduraxmanov va Erkin Turdimov ochib berishar ekan, mehmonlarga muhtaram yurtboshimiz boshchiligida sportning har bir yo‘nalishini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ulkan islohotlar haqida ma’lumot berishdi.

O‘z navbatida, janob ben Sulayem O‘zbekiston ushbu nufuzli tadbirni qabul qilishga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rgani va u kutilganidan ham a’lo o‘tayotgani, mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani haqida to‘xtaldi.

Marosim davomida rasmiylar qator mavzular yuzasidan fikr bildirishdi. Konferensiya va uning doirasidagi tadbirlar davom etadi. 13-iyun kuni Konferensiyaning eng asosiy tadbiri hisoblangan tashkilotning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tadi.

Text to speech