10 Iyun 2024 2503

Roʻyi zamin sayqali Samarqand Markaziy Osiyoda ilk bor Xalqaro avtomobil federatsiyasining Konferensiyasiga mezbonlik qiladi

Koʻhna Samarqand shahri 10-13-iyun kunlari Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) ning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasiga mezbonlik qiladi. Maʼlumot uchun, FIA – Xalqaro avtomobil federatsiyasi 1904-yil tashkil topgan boʻlib, kartingdan tortib, Formula-1 bolidlarigacha boʻlgan avtopoygalarni oʻtkazishga masʼul tashkilot hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor oʻtkazilayotgan Konferensiya doirasida FIA tashkil etilganining 120-yilligi ham keng nishonlanadi. Qolaversa, ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etish uchun 147 mamlakatdan 500 nafardan ortiq martabali mehmonlar, milliy federatsiyalar rahbariyati va dunyoning taniqli poygachilari mamlakatimizga tashrif buyurishadi. Xususan, tadbirning eng nufuzli mehmoni hisoblangan FIA Prezidenti Muhammad Ahmad ben Sulayem Samarqandga yetib keldi. Martabali mehmonni viloyat hokimi Erkin Turdimov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ hamda Oʻzbekiston avtosport va karting milliy federatsiyasi rahbariyati qarshi olishdi.

Boʻlajak tadbir doirasida FIA rahbari tashabbusi bilan tashkilot jamgʻarmasi, shuningdek, dunyodagi taniqli kolleksionerlar koʻmagida eng ajoyib superkarlar toʻplamini oʻz ichiga olgan noyob avtokoʻrgazma tashkil etiladi. Dasturga muvofiq, joriy yilning 13-iyun kuniga qadar sohada erishilgan yutuqlar bilan tajriba almashish maqsadida turli seminarlar, koʻrgazma va davra suhbatlari, musobaqalar oʻtkaziladi. Konferensiyaning soʻnggi kunida FIA ning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirning asosiy tashkilotchisi Oʻzbekiston avtosport va karting milliy federatsiyasi hisoblanadi.

Bir soʻz bilan aytganda, Konferensiya mamlakatimizda avtosportni yanada rivojlantirish, uning istiqbolini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim platforma boʻlishi kutilmoqda.

Text to speech