Parij-2024 arenalari: Sena ustidagi “Aleksandr III” koʻprigi
Ha, Parijdagi eng mashhur joylardan maksimal foydalanayotgan fransuzlar hatto koʻprikni ham boʻlajak oʻyinlarning bir boʻlagiga aylantirib yuborishdi. Albatta, bu qanday koʻprik ekaniga ham bogʻliq. Bugun diqqatimiz markazida “Aleksandr III” koʻprigi boʻladi.
Qurilishi 1896-yil boshlangan koʻprik 1900-yil Parijda oʻtgan Butunjahon koʻrgazmasiga bitkazilgan. Fransuz-rus ittifoqchiligining ramzi sifatida Butunrossiya imperatori Aleksandr III sharafiga nomlangan. Kengligi 45 metr, uzunligi 107 metrga teng. Toʻrt tarafida bronzadan yasalgan ustunlar mavjud. Oʻziga xos bezagi va dizayni evaziga boshqa obyektlardan ajralib turadi va yiliga millionlab turistlar bu yerga tashrif buyuradi.
Koʻprikda Oʻyinlar mobaynida 1 000 kishiga moʻljallangan koʻchma tribuna oʻrnatiladi. Unda ochiq havzada suzish va triatlon bahslari, shuningdek, hamyurtimiz Olga Zabelinskaya ishtirok etadigan veloshosse boʻyicha individual vaqt poygasi dasturining finish nuqtasi belgilangan. Olimpiya shaharchasidan 6 km uzoqlikda joylashgan.