“Ular Tokioga borishadi” loyihamizni davom ettiramiz. Bugun Siz aziz muxlislarimizga og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoamizning umidli vakillaridan biri Adhamjon Ergashevning sportdagi yutuqlari va faoliyati haqida hikoya qilamiz.
Adhamjon Abdullajon o‘g‘li Ergashev 1999-yil 12-mart kuni Namangan viloyatida tug‘ilgan. 12 yoshidan og‘ir atletika bilan shug‘ullanishni boshlagan. Terma jamoaga qabul qilinguncha Mirzohid Turg‘unov qo‘l ostida shug‘ullangan. Hozirda terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev va qozog‘istonlik mutaxassis Yerjas Boltayev bilan Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Adhamjon 15 yoshidayoq terma jamoa tarkibiga jalb qilingan. 2014-yil Xitoyning Nankin shahrida o‘tgan II o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shundan beri terma jamoamizdan muqim o‘rin egallab kelmoqda.
2016-yil o‘smirlar o‘rtasida, 2018, 2019-yillari yoshlar o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. 2017-yil 18 yoshida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida dast ko‘tarish mashqida bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida -62 kg vazn toifasida delegatsiyamiz hisobiga bronza medalini taqdim qilgan. 2019-yil Tailandda o‘tgan kattalar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionatida siltab ko‘tarish mashqida yana bir bronza medali egasiga aylandi.
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining Tokio-2020 Olimpiadasi reytingi orqali -67 kg vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.