9 Iyun 2024 962

Parij-2024 arenalari: Fransiyaning yaqin o‘tmishdagi eng katta stadioni “Park de Prens”

Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining guruh bosqichidagi ikkita o‘yini o‘tkaziladigan o‘yingohi haqida gaplashamiz. Tanishing, futbolchilarimizning Ispaniya va Dominikan Respublikasi jamoalariga qarshi bahslarni qabul qiladigan “Park de Prens” stadioni.

Ushbu stadion tarixi uch bosqichga bo‘linadi. Dastlabki bosqich 1897-1932 yillarni o‘z ichiga oladi. 3 000 muxlisga mo‘ljallangan arenaga tamal toshi qo‘yilganida, dastlab velotrek uchun mo‘ljallangan. Lekin keyinchalik futbol va regbi bahslari uchun ham moslashtirib olingan.

1932-yil uning o‘rnida 38 000 tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan stadion barpo etildi. U o‘z tarixida 1938-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati va regbi bo‘yicha ko‘plab yirik musobaqalarga mezbonlik qilgan.

1972-yil “Park de Prens” hozirgi qiyofasiga keladi. Shu paytgacha futbol bo‘yicha 1984 va 2016-yilgi Yevropa chempionati, Yevropa chempionlar ligasining 2 ta finali, 1998-yil erkaklar va 2019-yil ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlari, shuningdek, regbi bo‘yicha 1991 va 2007-yilgi jahon chempionati doirasidagi o‘yinlarni qabul qilgan. Hozirgi kunda 48 229 tomoshabin bahslarni bevosita kuzatib borishi mumkin. 1998-yil “Stad de Frans” qurilguniga qadar Fransiyaning eng katta stadioni bo‘lgan.

Arena Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari doirasida guruh bosqichidagi 6 ta, qolaversa, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi 1 tadan chorak final va final, jami 10 ta uchrashuvga mezbonlik qiladi. Olimpiya shaharchasidan 12 km uzoqlikda joylashgan.

Text to speech