Parij-2024 arenalari: Oʻzbekiston – Misr oʻyinini qabul qiladigan “Stade de la Beaujoire”
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi ishtirokidagi bahslarga mezbonlik qiladigan majmualarga ham yetib keldik. “S” guruhidan oʻrin olgan Timur Kapadze shogirdlari guruh bosqichidagi uchrashuvlardan birini “Stade de la Beaujoire” oʻyingohida oʻtkazadi.
Arena “Nant” klubining uy maydoni hisoblanadi. 1984-yil foydalanishga topshirilgan stadion dastlab 30 000 muxlisga moʻljallangan. 1998-yil Fransiyada oʻtgan Jahon chempionati uchun rekonstruksiya qilinib, sigʻimi 35 322 taga yetkazilgan. Mundial davomida 6 ta uchrashuvga mezbonlik qilgan. Shuningdek, bu stadionda 2023-yil Fransiyada tashkil etilgan regbi boʻyicha dunyo birinchiligining 4 ta uchrashuvi oʻtkazilgan.
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida guruh bosqichidagi 6 ta, shuningdek, erkaklar oʻrtasida bronza medali uchun kechadigan oʻyin ushbu stadionga belgilangan. Shu jumladan, 2-tur doirasidagi Oʻzbekiston – Misr oʻyini ham. Nant mamlakatning gʻarbiy qismida joylashgan boʻlib, Parij shahridan tezyurar poyezd orqali 2 soatda yetib olish mumkin.