6 Iyun 2024 1430

“Yugur” sogʻlomlashtirish onlayn platformasi ishga tushirilmoqda

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, fuqarolarning sportga boʻlgan qiziqishini oshirish va ular uchun qulay sharoitlar yaratib berish mutasaddilar oldida turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi. Buning uchun hukumat tomonidan maxsus platforma ishlab chiqish borasida topshiriq berilgan boʻlib, bugun Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida uning ijrosiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Majlisni Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov olib bordi. Unda, shuningdek, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, mamlakat yengil atletika federatsiyasi rahbariyati va boshqa masʼul tashkilotlarning vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda hukumat topshirigʻi yuzasidan ishlab chiqilgan “Yugur” sogʻlomlashtirish onlayn platformasining taqdimoti oʻtkazildi. Dasturchilar uning qulayligi va soddaligi borasida batafsil gapirib berishdi. Unga koʻra, foydalanuvchi ilovani yuklab, oʻz maʼlumotlarini kiritgach, uni ishlatish chogʻidagi barcha statistikalar koʻrsatib boriladi.

Mutaxassislar 23-iyun – Xalqaro Olimpiya kuniga bagʻishlab oʻtkazilishi koʻzda tutilgan ommaviy yugurish musobaqasida ilk bor ushbu platformadan sinov tariqasida foydalanish koʻzda tutilganini maʼlum qilishdi. Yigʻilish davomida tomonlar ilovaning imkoniyatlarini oshirish, qoʻshimcha vazifalar yuklash, fuqarolarimiz uchun yanada qulaylashtirish borasida qoʻshimcha fikr yuritishdi.

Text to speech