6 Iyun 2024 711

Parij-2024 arenalari: Tennis bahslaridan keyin boks finallariga mezbonlik qiladigan “Rolan Garros” stadioni

Ayni kunlarda jahon sportining nigohi Parij kortlarida oʻtayotgan tennis boʻyicha Fransiya ochiq chempionati yoki “Rolan Garros” nomi bilan mashhur boʻlgan “Katta dubulgʻa” turniriga qaratilgan. Bugun va ertaga musobaqaning yarim final bahslari boʻlib oʻtadi. Anglaganingizdek, bugun “Rolan Garros” stadioni haqida maʼlumot beramiz.

1928-yil tennis boʻyicha Fransiya erkaklar terma jamoasi Devis kubogida gʻalaba qozongach, hukumat jamoa uchun muhtasham stadion barpo etadi va unga taniqli uchuvchi Rolan Garros nomi beriladi. Majmuada 3 ta katta va 15 ta kichik kort mavjud. Markaziy kort fransuz tennis afsonasi Filipp Shatriye nomi bilan ataladi va bugungi kunda 15 225 tomoshabinni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi. Ushbu arenada ispaniyalik mashhur raketka ustasi Rafael Nadal naqd 14 bor “Rolan Garros” turnirida bosh sovrinni qoʻlga kiritgan.

Tabiiyki, stadionning qum qoplamali kortlarida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining tennis bahslari oʻtkaziladi. Ushbu sport turidagi oʻyinlar yakuniga yetgach, arena 6-avgust sanasidan boks dasturining hal qiluvchi bahslariga mezbonlik qiladi. Garchi tennischilarimiz ushbu stadionda ishtirok eta olishmasada, ularning oʻrnini bokschilarimiz oʻz gʻalabalari bilan sezdirishmaydi, degan umiddamiz. Darvoqe, inshoot Olimpiya shaharchasidan 12 km uzoqlikda joylashgan.

Text to speech