Litsenziat sportchilarimiz antidoping sohasi boʻyicha bilimlarini oshirishmoqda
Oʻzbekiston Milliy Antidoping agentligi Xalqaro antidoping agentligining (WADA) talabiga binoan litsenziat atletlarimizning bilimlarini oshirish, ularning mazkur yoʻnalishdagi tayyorgarligini nazoratga olish borasida ish yoʻlga qoʻygan. Agentlik mutaxassislari jadval asosida Parij-2024 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan atletlarimiz bilan turli seminar va uchrashuvlar tashkil qilib, ularning bu boradagi bilimlarini oshirib kelmoqda.
Ana shunday uchrashuvlar futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi hamda baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha litsenziat atletlarimiz bilan oʻtkazildi. Mutaxassislar suhbat davomida sohaning qanchalik dolzarb ekani, xalqaro tashkilot tomonidan talab etilgan meʼyorlarga amal qilish, antidoping qoidalarini buzmaslik borasida oʻz tavsiyalarini berishdi.
WADA talabiga binoan, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma qoʻlga kiritgan sportchilar musobaqagacha kamida 3 marotaba doping sinamalarini topshirishlari kerak. Bu esa atletlarimiz hamisha nazoratda boʻlishi, ularning salomatligi har qachongidan muhim ekanini bildiradi.
Seminar yakunida mutaxassislar litsenziatlarimiz uchun soʻnggi qoidalar haqida batafsil maʼlumot beruvchi qoʻllanmaning oʻzbek tilidagi versiyasi tashkilot saytiga yuklangani borasida xabardor qilishdi. Qayd etish joiz, bu bilan nafaqat sportchi va murabbiylar, balki OAV xodimlari va jamoatchilik vakillari ham oʻz bilimlarini oshirish imkoniga ega boʻlishadi.