4 Iyun 2024 668

Parij-2024 arenalari: Regbi uchun qurilgan, lekin Olimpiadada suzish hamda suv polosi bahslariga mezbonlik qiladigan “Paris La Défense Arena”

Parij Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish, xususan, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanishda barchaga oʻrnak boʻlmoqda. Bugun soʻz boradigan “Paris La Défense Arena” ushbu fikrga yaqqol misol boʻla oladi. Odatda regbi bahslari oʻtkaziladigan mazkur yopiq inshoot boʻlajak Olimpiadada suzish va suv polosining final bellashuvlariga mezbonlik qiladi.

Arena 2017-yil ochilgan boʻlib, “Racing 92” regbi klubining uy maydoni hisoblanadi. Mazkur sport turlaridagi oʻyinlarda inshoot 30 681 tomoshabinni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi. Fransuzlar undan madaniy tadbirlar, xususan, konsertlar oʻtkazishda ham keng foydalanadi. Bunday tadbirlarda arena sigʻimi 40 000 muxlisga oshadi. Biroq joriy yilning 9-12-may kunlari amerikalik taniqli xonanda Teylor Sviftning konsertiga 4 kun mobaynida 45 000 dan tomoshabin tashrif buyurdi.

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari davomida ushbu arenadagi bahslarni 15 220 muxlis bevosita tribunalardan tomosha qilishi mumkin boʻladi. Olimpiya shaharchasidan 15 km uzoqlikda joylashgan.

Text to speech