3 Iyun 2024 1284

Bokschilarimiz eng koʻp yoʻllanma jamgʻarishda ikkinchi boʻlishdi

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun boks boʻyicha saralash musobaqalari oʻz yakuniga yetdi. Bir-biridan shiddatli kurashlar ostida kechgan turnirlarda eng kuchlilar saralandi.

Maʼlum qilganimizdek, unda Oʻzbekiston terma jamoasi 11 ta (7 ta erkaklar va 4 ta ayollar) vazn toifasida Parij-2024 yoʻllanmalariga sazovor boʻldi. Qayd etish joiz, oʻzbekistonlik bokschi qizlar birinchi marotaba Olimpiya oʻyinlariga 4 ta litsenziyaga ega chiqishgan boʻlsa, yigitlarimiz uchinchi bor ketma-ket toʻliq tarkibda Olimpiada ishtirokchisiga aylanishdi.

Oʻzbekiston Avstraliyadan keyin boks dasturida eng koʻp yoʻllanma qoʻlga kiritgan davlatga aylandi. “Yashil qitʼa” vakillari 12 ta litsenziyani naqd qilgan boʻlsa, taʼkidlanganidek, hamyurtlarimiz 11 ta yoʻllanma bilan ikkinchi boʻlishdi. Avstraliyaliklar raqobat deyarli yoʻq boʻlgan mintaqada ushbu koʻrsatkichga erishganlarini inobatga olish joiz. Ularning barcha yoʻllanmalari qitʼaviy musobaqada qoʻlga kiritilgan. Jahon miqyosida esa yoʻllanma uchun kurashgan yigit hatto bir dona jangda ham gʻalaba qozona olmagan. Quyida yetakchi davlatlardan qaysi terma jamoa qancha litsenziya qoʻlga kiritgani bilan tanishamiz:

Avstraliya – 12
Oʻzbekiston – 11
Qozogʻiston, Irlandiya, Braziliya – 10
Turkiya, AQSh, Tailand, Italiya, Fransiya, Xitoy – 8.

Text to speech