Parij-2024 arenalari: Toʻrt sport turidagi bahslarni qabul qiladigan “Port-de-Versal” koʻrgazma maydoni
Fransiya hukumati boʻlajak Olimpiya oʻyinlarini qabul qilishda koʻrgazma maydonlaridan keng foydalanishni tatbiq qilgan. Parijda joylashgan ana shunday yirik maydonlardan biri “Port-de-Versal” oʻz bagʻrida voleybol, gandbol, stol tennisi va ogʻir atletika boʻyicha dunyoning eng kuchli sportchilarini jamlaydi.
Inshoot 1923-yil qurib bitkazilgan. Shu paytgacha u yerda moda, IT, energetika, ilm-fan, transport va boshqa sohalardagi katta koʻrgazmalar tashkil etilgan. Sport olamidagi yagona yirik tadbir esa 2019-yilgi FIFAning 69-Kongressi boʻlib, unda tashkilotning amaldagi rahbari Janni Infantino FIFA Prezidenti etib saylangan.
Markazning maydoni 226 ming kvadrat metrni tashkil etadi Uning tarkibi asosiy maydon, 8 ta pavilyon, 2 ta yirik auditoriya, 32 ta uchrashuvlar xonasidan iborat.
“Port-de-Versal”da Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari mobaynida voleybol, stol tennisi va ogʻir atletika boʻyicha asosiy bahslar, gandbol boʻyicha esa saralash bosqichidan oʻrin olgan bellashuvlar oʻtkaziladi. Voleybol uchun 12 000, qolgan yoʻnalishlar uchun esa 6 000 tomoshabinga moʻljallangan tribunalar oʻrnatiladi. Olimpiya shaharchasidan 14 km uzoqlikda joylashgan.