1 Iyun 2024 684

Parij-2024 arenalari: Eng nomdor fransuz sarkardalari dafn etilgan Nogironlar uyi

Parij shahrining yana bir koʻzga koʻringan joylaridan biri, shubhasiz, Nogironlar uyi majmuasi hisoblanadi. Uning maydonida boʻlajak Olimpiya oʻyinlarining 3 ta yoʻnalishida gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi. Ahamiyatlisi, har uch dasturda hamyurtlarimiz ham boʻlishadi.

Nogironlar uyi 1687-yil Lyudovik XIV farmoni bilan harbiy shifoxona va urush faxriylarini qabul qiladigan boshpana sifatida barpo etilgan. Dastlab uning tarkibiy qismi cherkov va yotoqxonadan iborat edi. Keyinchalik yillar davomida uning yoniga qoʻshimcha binolar qurilib, bugungi koʻrinishga kelgan. Nogironlar uyi nafaqat urush faxriylari uchun boshpana, balki eng koʻzga koʻringan fransuz arboblari, harbiylari dafn etilgan majmua hisoblanadi. Xususan, Imperator Napoleon Bonapartning qabri ham shu yerda.

Oʻyinlar davomida bu yerda kamondan otish boʻyicha bahslar oʻtkaziladi. Shuningdek, veloshossening individual vaqt poygasi boʻyicha start, marafon dasturining finish nuqtasi Nogironlar uyi hududiga belgilangan. Musobaqa davomida 8 000 muxlis bahslarni bevosita tomosha qilib borishi mumkin. Olimpiya shaharchasi bilan oradagi masofa 12 kmni tashkil etadi.

Text to speech