15 Iyun 2021 2286

Ular Tokioga borishadi: Badiiy gimnastikachimiz Sabina Tashkenbayeva

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritgan qahramonlarimizni tanishtirishda davom etamiz. Ular orasida badiiy gimnastika bo‘yicha yakkalik yo‘nalishida ishtirok etadigan hamyurtimiz Sabina Tashkenbayeva bugun eʼtiborimiz markazida bo‘ladi.

Sabina Talat qizi Tashkenbayeva 2000-yil 27-noyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. 6 yoshidan beri ushbu sport turi bilan shug‘ullanadi. Birinchi murabbiyi Irina Jumayeva. 2013-yildan terma jamoa tarkibiga jalb qilingan.

Undagi iqtidorni ko‘ra olgan mutaxassislar yosh bo‘lishiga qaramay 13 yoshidan terma jamoaga taklif qilishadi. O‘z navbatida, sportchimiz bir qator nufuzli xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan ushbu ishonchni oqlaydi.

2017, 2018 va 2019-yillar qatorasiga qitʼamizning eng kuchli badiiy gimnastikachisi ekanini isbotlaydi. 2017-yil Islom birdamligi, 2018-yil Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan.

2018-yil poytaxtimiz mezbonlik qilgan Jahon kubogida bulavadagi mashqda kumush medalni qo‘lga kiritgan. Hozirda O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil olmoqda.

2021-yil Jahon kubogi bosqichlarida to‘plangan ballar yakuni bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

Text to speech