15 Iyun 2021 1936

Osama Al Shaffar: “O‘zbekiston mening ikkinchi uyim”

Xabar berganimizdek, ayni paytda Osiyo velosport konfedenatsiyasi (AСС) prezidenti Osama Al Shaffar poytaxtimizda bo‘lib turibdi. Bugun u MOQga tashrif buyurdi. Mehmonni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov qarshi oldi. Shundan so‘ng mutasaddilar o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalari bo‘yicha muzokara olib borishdi. Unda MOQ raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev, shuningdek, xalqaro tashkilotning boshqa mutasaddilari va MOQ xodimlari ishtirok etishdi.

“Tashrifingiz velosportni mamlakatimizda yana-da rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi. Bugun ertalab shaxsiy namuna bilan velosport targ‘ibotini yana-da kuchaytirishda faol bo‘ldingiz. Yurtimizda muhtaram Prezidentimizning sportga qaratayotgan eʼtiborlari katta. Yoshlarni sportga jalb etish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha muhim qaror va hujjatlar qabul qilingan. Ularning amaliy ishlari bilan Rio-2016 Olimpiadasida 206 mamlakat orasida 21-o‘rinni egalladik. Yaqinda yurtimizda ilk bor velosport bo‘yicha professional klub tashkil qildik, Jizzaxda ВMX trassasi foydalanishga topshirish arafasida turibdi. Umid qilamizki, ushbu uchrashuvimizdan so‘ng hamkorligimiz yana-da rivoj topadi”, – dedi MOQ raisi.

O‘z navbatida Osama Al Shaffar ham mamlakatimizda velosport rivoji bo‘yicha iliq fikrlarini bildirib o‘tdi.

“O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi eng faol milliy federatsiyalarimizdan. Ayniqsa, uning rahbari Tanzila Norboyevaning qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu sport yurtingizda yana-da rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz. Bu yurt men uchun ikkinchim uyimdek. 2019 yil Toshkent mezbonlik qilgan Osiyo chempionati men ko‘rgan musobaqalar orasida eng yaxshilaridan. Prezident darajasidagi eʼtibordan O‘zbekistonda velosport yana-da taraqqiy etishiga ishonaman. Biz bu borada yordam ko‘rsatishga tayyormiz”, – dedi АСС rahbari.

Tomonlar suhbat davomida mamlakatimiz sportchilarining xalqaro arenalardagi ishtirokini ko‘paytirish, mamlakatimizda yirik musobaqalar sonini oshirish, Toshkentda velosportga ixtisoslashgan tayyorgarlik markazini qurish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Suhbat yakunida Rustam Shoabdurahmonov va Azizjon Kamilov mehmonga esdalik sovg‘alarini taqdim qilishdi.

Text to speech