Parij-2024 arenalari: Qilichbozlik va taekvondo WT bahslarini qabul qiladigan “Katta saroy” koʻrgazma markazi
4 yillikning eng nufuzli musobaqalarini qabul qiladigan obyektlar bilan tanishtirishda davom etamiz. Bu gal eʼtiborimiz markazida “Katta saroy” nomi bilan tanilgan ulkan koʻrgazma markazi boʻladi.
“Grand Palais” yoki “Katta saroy” XX asr fransuz arxitekturasining eng noyob namunalaridan. Majmua 1900-yil Parijda oʻtgan Butunjahon koʻrgazmasi uchun barpo etilgan. Tomlari ancha baland, boz-art uslubida qurilgan bunday ulkan koʻrgazma maydoni oʻsha kezlar hech qayerda boʻlmagani bois oʻz davrining odamlari unga “Katta saroy” nomini berishgan.
Inshootda dastlabki oʻn yillar turli sohalardagi xalqaro koʻrgazmalar boʻlgan. Yaqin chorak asr davomida turli madaniy va sport tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda. Bu boradagi dastlabki eng yirik sport musobaqasi 2010-yil qilichbozlik boʻyicha tashkil etilgan jahon chempionati boʻldi.
“Katta saroy” Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari davomida qilichbozlik va taekvondo WT boʻyicha bahslarni qabul qiladi. Oʻyinlar davomida arena 8 000 tomoshabinga moʻljallangan koʻchma tribunalar bilan jihozlanadi. Majmua Olimpiya shaharchasidan 5 km uzoqlikda joylashgan.